O‘zbekistonda transport xarajatlari endi yangicha baholanadi
Rasmiylar baholash uchun zarur bo‘lgan asosiy axborot manbalarini tasdiqladi.

O‘zbekistonda transport qiymatini baholash tartibi o‘zgardi, deb yozadi Norma.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Yagona milliy baholash standarti transport vositalari qiymatini baholashga bag‘ishlangan yangi bo‘lim bilan to‘ldirildi. Xususan, endilikda mutaxassislar shikastlangan avtomobillar qiymatini baholashda ta’mirlash qiymati va transport vositasiga yetkazilgan zarar miqdorini, shuningdek, ularning tovar qiymatini yo‘qotishini aniqlaydi.
Bozor qiymatini aniqlashda ularni sotish bilan bog‘liq tashkiliy faoliyat xarajatlari hisobga olinmaydi. Baholash yondashuvlari va usullarini tanlash hamda qo‘llash uchun yetarli bo‘lgan hajmda baholash obyekti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni va bozor axborotini to‘plash bilan maxsus shaxs — baholovchi shug‘ullanadi.
Shuningdek, hujjat obyekt to‘g‘risidagi asosiy axborot manbalarini belgilaydi, ular orasida:
- buyurtmachi yoki boshqa vakolatli shaxs tomonidan taqdim etiladigan boshlang‘ich axborot;
- baholovchi baholash obyektini ko‘zdan kechirish chog‘ida olgan axborot;
- uchinchi shaxslar va tashkilotlardan olingan ma’lumotlar, shuningdek OAV va Internetda e’lon qilingan ma’lumotlar.
Shuningdek, obyektni baholash uchun qiyosiy, daromad yoki xarajat yondashuvlaridan foydalanish belgilanadi. Xususan, qiyosiy yondashuv analog-obyektlarning bozor qiymati to‘g‘risidagi ma’lumotlarga asoslangan qiymatni hisoblash usullari to‘plami va ularning qiymatini taqqoslash elementlari bo‘yicha tuzatishdan iborat.
Daromad yondashuvi tijorat maqsadlarida foydalanilayotgan baholash obyektining joriy qiymatini kelgusi daromadlar summasi sifatida aniqlashga asoslanadi. Bunday yondashuvda daromadni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kapitallashtirish usulidan foydalaniladi va sof operatsion daromad ko‘rsatkichini kapitallashtirish stavkasiga bo‘lish orqali obyekt qiymati aniqlanadi.
Xarajat yondashuvi transport vositasining qiymatini uning to‘liq takror ishlab chiqarish yoki almashtirish qiymatidan jami eskirishni chegirib tashlash yo‘li bilan aniqlashga asoslanadi.
Avvalroq o‘zbekistonliklar mahalliy avtomobillarni ko‘proq xarid qila boshlagani xabar qilingandi. Shuningdek, mamlakatda ikkilamchi bozorda avtomobillar savdosi sezilarli darajada oshdi.
Izohlar