Dunyo

Humans Mobile O‘zbekistonga qarshi arbitraj jarayonini boshladi

Kompaniya davlat organlari va kompaniyalari, jumladan, Markaziy bank va “O‘zbektelekom”ning harakatlari sababli da’vo arizasi kiritdi.

Humans Mobile O‘zbekistonga qarshi arbitraj jarayonini boshladi

O‘zbekistonda shu nomdagi biznesga egalik qiluvchi Humans Mobile PTE LTD kompaniyasi davlat organlari va kompaniyalari, jumladan, Markaziy bank va “O‘zbektelekom”ning harakatlari tufayli hakamlik sudiga da’vo arizasi kiritgani haqida Markaziy bank matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya Jahon banki qoshidagi Investitsiya nizolarini hal etish xalqaro markazida arbitraj jarayonini boshlagan. Ta’kidlanishicha, Humans Mobile o‘ziga yetkazilgan zararni qoplashga erishmoqchi. Xususan, Singapur kompaniyasining bayonotida aytilishicha, O‘zbekiston davlat organlari va muassasalarining harakatlari Singapur va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida 2003-yil 15-iyulda imzolangan investitsiyalarni rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi bitim qoidalarini buzgan. Xalqaro arbitraj sudi arizani ish yuritishga qabul qilgan bo‘lib, hozirda ish mazmunan ko‘rib chiqishga tayyorgarlik bosqichida turibdi.

Markaziy bank eslatib o‘tdiki, ilgari Humans’ga tegishli bo‘lgan Maroqand to‘lov tashkilotida fuqarolarning pul mablag‘larini qimor o‘yinlari bilan bog‘liq xizmatlarga o‘tkazish holatlari aniqlangandi. Shu sababli 2024-yil 25-sentyabrdan boshlab tashkilotning ayrim to‘lov funksiyalari yarim yilga cheklangan. Ushbu huquqbuzarlikka oid hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga topshirilgan.

Bundan tashqari, may oyida kompaniya Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasidan “O‘zbektelekom”ga nisbatan monopoliyaga qarshi ish ochishni so‘ragan. Kompaniya fikricha, davlat operatori qarzdorlik bahonasida Humans uchun internet tezligini pasaytirib, xizmatlarga “monopol yuqori narx” belgilagan va kamsituvchi sharoitlar yaratgan.

Снежана Самойлова
Редактор «NOVA24»

Izohlar

Mavzuga oid