Dunyo

Li Chje Myon Janubiy Koreyaning yangi prezidenti bo‘ldi

Demokratik partiyadan nomzod barcha saylovchilarning deyarli yarmining ovozini qo‘lga kiritdi.

Li Chje Myon Janubiy Koreyaning yangi prezidenti bo‘ldi

Yonhap agentligining xabar berishicha, Li Chje Myon navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarida Janubiy Koreyaning yangi prezidenti etib saylandi.

Demokratlar partiyasidan nomzod 49,25 foiz ovoz to‘plagan bo‘lsa, uning raqibi, Fuqarolik hokimiyati partiyasidan Kim Mun Su 41,40 foiz ovoz oldi. Respublika Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, saylovlarda ishtirok etish darajasi 1997-yildan buyon eng yuqori ko‘rsatkichga erishib, 79 foizdan oshdi.

Respublika bo‘ylab 14 259 ta saylov uchastkasi faoliyat ko‘rsatdi. Ovoz berishning asosiy bosqichi ertalab soat 6:00 dan kechki 20:00 gacha davom etdi. Saylovchilar ishtiroki haqidagi ma’lumotlar muddatidan oldingi ovoz berishni ham o‘z ichiga oladi. Bu jarayon Janubiy Koreyada 29-30-may kunlari o‘tkazildi. Dastlabki bosqichda saylovchilarning 34,74 foizi ishtirok etgan.

Eslatib o‘tamiz, 4-aprel kuni Koreya Konstitutsiyaviy sudi prezident Yun Sok Yolga nisbatan impichment ishi bo‘yicha qaror chiqargandi. Sobiq prezident Yun Sok Yolga 2024-yil 3-dekabrda Janubiy Koreyada harbiy holat joriy etgani sababli ikkinchi urinishda impichment e’lon qilingan.

Izohlar

Mavzuga oid