Rossiyada huquq-tartibot idoralari migrantlarni mobil ilova orqali kuzatib boradi
Tajriba 2029-yilgacha davom etadi.

Rossiyada migrantlarni smartfonlar orqali kuzatish bo‘yicha tajriba boshlanadi, deb yozadi “Kommersant”.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tajriba 2025-yil 1-sentyabrdan 2029-yil 1-sentyabrgacha Moskva va Moskva viloyatida bo‘lib o‘tadi. Rasmiylar kirib kelayotgan muhojirlarning joylashuvini nazorat qilishni boshlaydi. Tegishli qonun loyihasi Davlat Dumasi deputatlari tomonidan qabul qilindi.
Migrantlar daktiloskopiya, biometrik fotosuratdan o‘tishlari, haqiqiy yashash joyi haqida xabar berishlari, shuningdek, “ixtisoslashtirilgan mobil ilova”da ro‘yxatdan o‘tishlari kerak bo‘ladi, uning yordamida rasmiylar “abonent qurilmalarining joylashuvi” va fuqarolarning joylashuvini kuzatishlari mumkin bo‘ladi.
Qayd etilishicha, tajriba ishtirokchilari Rossiyaga viza olishi shart bo‘lmagan muhojirlar bo‘ladi. Shu bilan birga, istisnolar ro‘yxatiga voyaga yetmaganlar, diplomatlar va ularning oila a’zolari, shuningdek, Belarus fuqarolari kiritilgan.
Qolganlar Saxarovodagi ko‘p tarmoqli migratsiya markaziga murojaat qilishlari kerak bo‘ladi, u yerda ular kerakli mobil ilovani o‘rnatishlari va shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlashga rozilik berishlari kerak bo‘ladi. Shu bilan birga, tajribani buzganlar mamlakatdan deportatsiya qilinishi mumkin.
Avvalroq Rossiyada migrantlarning farzandlarini rus tili imtihonidan yiqilganligi uchun deportatsiya qilish taklif qilingani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, Davlat dumasi deputati testdan o‘tishga urinishlar sonini uchtagacha cheklash taklifini ilgari surdi.
Izohlar