Rossiyada xorijliklarga bittadan ortiq raqamga ega bo‘lishni taqiqlash taklif qilindi
Qaror milliy xavfsizlik talabi bilan oqlanmoqda.

Rossiyada xorijliklarga bittadan ortiq abonent raqamini ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlanishi mumkin, deb yozadi “TASS”.
Mamlakatda 2025-yil 1-yanvardan boshlab chet elliklar uchun o‘z nomiga 10 dan ortiq abonent raqamini rasmiylashtirishga taqiq amal qila boshladi. Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar aloqa operatorlari bilan faqat shaxsan ofisda, shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatgan va biometrik ma’lumotlardan majburiy foydalangan holda shartnoma tuzishlari mumkin.
Qayd etilishicha, yangi qonun loyihasi mamlakatda xavfsizlik darajasini oshirish yo‘lidagi muhim qadamdir. U milliy manfaatlarni himoya qilish va fuqarolar uchun xavfsizroq muhit yaratishga qaratilgan.
Loyihani ishlab chiqqan Davlat dumasining Mehnat, ijtimoiy siyosat va faxriylar ishlari bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Yaroslav Nilov globallashuv va aholi harakatchanligining kuchayishi sharoitida xavfsizlik masalasi ayniqsa dolzarb bo‘lib borayotganini ta’kidladi.
“Terrorizm, josuslik, firibgarlik, kibertahdidlar bilan bog‘liq xavf-xatarlar tobora ortib borayotganini hisobga olib, mamlakatimizda chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning sim-kartalarga egalik qilishini cheklash choralarini ko‘rish zarur. Qonunning amaldagi tahririda ko‘rsatilgan shaxslar 10 tagacha sim-kartaga ega bo‘lishi mumkin, bu sezilarli raqam”, — dedi Nilov.
Avvalroq Rossiyada huquq-tartibot idoralari migrantlarni mobil ilova orqali kuzatib borishi ma’lum qilingandi.
Izohlar