Dunyo

Shavkat Mirziyoyev Hindistonga samolyot halokati munosabati bilan hamdardlik bildirdi

Davlat rahbari jarohat olganlarning tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi.

Shavkat Mirziyoyev Hindistonga samolyot halokati munosabati bilan hamdardlik bildirdi

Shavkat Mirziyoyev Ahmadobod shahri hududida yuz bergan aviahalokat oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani va jiddiy jarohat olgani munosabati bilan Hindiston prezidenti Draupadi Murmu va bosh vaziri Narendra Modiga ta’ziya maktubi yo‘lladi.

Davlat rahbari qurbon bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga, butun Hindiston xalqiga chuqur hamdardlik izhor etdi, jarohat olganlar tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi.

Eslatib o‘tamiz, 12-iyun kuni Hindistonda bortida ikki yuzdan ortiq yo‘lovchi bo‘lishi mumkin bo‘lgan yo‘lovchi samolyoti halokatga uchragandi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Londonga yo‘l olgan kema parvozdan so‘ng Ahmadobod aeroporti yaqinidagi turar joy hududida halokatga uchragan.

Voqea joyidan olingan kadrlarda quyuq tutunni ko‘rish mumkin, halokat joyida qutqaruvchilar ishlamoqda. News18 ma’lumotlariga ko‘ra, bortda 250 ga yaqin odam bo‘lgan, ulardan 12 nafari ekipaj a’zolari. Halok bo‘lganlar va yaradorlar haqidagi ma’lumotlar aniqlashtirilmoqda. Air India kompaniyasi Ahmadoboddan Londonga uchayotgan AI171 reysi halokatga uchraganini tasdiqladi. Aviakompaniya vaziyatni o‘rganib chiqqach, hodisa haqida qo‘shimcha ma’lumot berishga va’da berdi, mahalliy politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, omon qolganlar bor.

Izohlar

Mavzuga oid