Dunyo

Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo – Italiya” sammitida ishtirok etdi — asosiylar

Prezident Italiya bosh vaziriga Ukrainadagi mojaroni hal qilish borasidagi sa’y-harakatlari uchun minnatdorlik bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo – Italiya” sammitida ishtirok etdi — asosiylar

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 may kuni Ostona shahrida “Markaziy Osiyo – Italiya” sammitida ishtirok etdi, deb xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida o‘tkazilgan tadbirda Italiya bosh vaziri Jorja Meloni, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham qatnashdi. Uchrashuvda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Italiya o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Xususan, investitsiya va texnologiyalar, “yashil” iqtisodiyot sohalarida sheriklikni rivojlantirish, ta’lim va madaniy dasturlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Prezident o‘z nutqining avvalida O‘zbekiston ushbu tadbirga joriy yil aprel oyida Samarqandda o‘tgan sammitda Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasida erishilgan strategik sheriklik to‘g‘risidagi kelishuvlarning uzviy davomi sifatida qarayotganini ta’kidladi. Ushbu formatda, avvalo, mamlakatlarimizning texnologik, sanoat va intellektual salohiyatini inobatga olgan holda samarali amaliy hamkorlikni rivojlantirishga intilish borligi qayd etildi.

Bundan tashqari, tomonlar zamonaviy voqeliklar, global va mintaqaviy siyosiy tendensiyalar, shuningdek, xavfsizlik va taraqqiyotga umumiy tahdidlarning kuchayishini hisobga olgan holda Italiya bilan ko‘p tomonlama muloqot maydoniga bo‘lgan talab ortib borayotganini ta’kidladilar. Davlat rahbari “Markaziy Osiyo – Italiya” formatidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bayon qildi.

Shu bilan birga, mintaqaning Italiya bilan ko‘p asrlik savdo va madaniy aloqalari yangi bosqichdagi keng qamrovli sheriklik uchun mustahkam poydevor vazifasini o‘tamoqda. Kun tartibidagi masalalarga o‘tar ekan, O‘zbekiston rahbari “Markaziy Osiyo – Italiya” formatidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z qarashlarini bayon etdi.

Iqtisodiy sohada davlat rahbari so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi uch barobar oshganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Italiyaning yetakchi kompaniyalari bilan texnologik hamkorlik loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Italiya ishbilarmon doiralarining innovatsion rivojlanish borasida an’anaviy kuchli mavqeini hisobga olib, mamlakatlarimiz savdo-sanoat palatalari shafeligida biznes muloqoti uchun doimiy maydon — “Markaziy Osiyo – Italiya” ishbilarmonlar klubini tashkil etish taklif qilindi.

Tadbirkorlar ishtirokidagi bunday uchrashuvlar har yili mintaqa mamlakatlari va Italiya poytaxtlarida o‘tkaziladi. Bundan tashqari, O‘zbekiston prezidenti texnologiyalar transferi, ilg‘or bilim va tajribalarni joriy etish, yuqori texnologik sanoat ishlab chiqarishlarini tashkil etish uchun qulay sharoitlarni shakllantirishni nazarda tutadigan sanoat va texnologik kooperatsiya bo‘yicha ko‘p tomonlama kompleks dasturni ishlab chiqish va qabul qilish muhimligini qayd etdi.

Mineral resurslar va qishloq xo‘jaligi xomashyosini chuqur qayta ishlash, elektrotexnika, kimyo, to‘qimachilik, charm, oziq-ovqat va boshqa qayta ishlash tarmoqlari uchun zamonaviy uskunalar ishlab chiqarish, butlovchi qismlar bazasi va sanoat mahsulotlarini mahalliylashtirish, Italiyaning yetakchi brendlari ishtirokida dizayn markazlarini tashkil etish kooperatsiyaning ustuvor yo‘nalishlari bo‘lishi mumkinligi ta’kidlandi.

Davlat rahbari Toshkent viloyatida mintaqaviy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish uchun Yevropa operatori boshqaruvida maxsus industrial park tashkil etilayotganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Italiyaning SACЕ va SIMEST davlat agentliklari hamda qo‘shma investitsiya fondlarini hamkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga jalb qilish muhimligi ta’kidlandi.

Siyosiy sohada davlat rahbari mamlakat tashqi siyosat mahkamalari darajasida muntazam muloqotlarni davom ettirish tarafdori ekanini, hozirgi vaqtda xalqaro kun tartibida muvofiqlashtirish va kelishilgan yondashuvlarni talab qiladigan bir qator dolzarb masalalar borligini ta’kidladi.

Xususan, prezident Italiya bosh vaziri Jorja Melonining Ukraina atrofidagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni tez fursatda boshlash bo‘yicha faol diplomatik sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatladi. Shavkat Mirziyoyev Yaqin Sharq muammosi va Afg‘oniston bilan hamkorlik istiqbollarini ko‘rib chiqayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

“Yashil” transformatsiya sohasida Italiya bilan samarali hamkorlikni yuqori baholab, O‘zbekiston yetakchisi uglerod chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha milliy dasturlarni amalga oshirishga ko‘maklashadigan ko‘p tomonlama platformani yo‘lga qo‘yish orqali keng qamrovli sheriklikni rivojlantirishga chaqirdi. Qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi loyihalarni, jumladan, Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga “yashil” energiya yetkazib berish, Italiyaning yetakchi ishlab chiqaruvchilari va muhandislik kompaniyalarini jalb etgan holda korxonalarni auditdan o‘tkazish va energiya samaradorligini oshirish, suv infratuzilmasi obyektlarini modernizatsiya qilish va vodorod texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga tayyorlik bildirildi.

Toshkentdagi Turin politexnika va Piza universitetlari filiallari samarali faoliyat yuritayotganini ta’kidlar ekan, davlatimiz rahbari Italiyaning boshqa yetakchi oliy o‘quv yurtlarining mintaqaga qiziqishi ortib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. O‘zbekiston prezidenti muhandislik, dizayn, suv tejamkorligi va biotexnologiyalar kabi yo‘nalishlarda ilmiy ishlanmalar, akademik almashinuv va kadrlar tayyorlash dasturlarini amalga oshirish va moliyalashtirish uchun “Markaziy Osiyo – Italiya” ilmiy-ta’lim konsorsiumini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.

Yetakchi turoperatorlar o‘rtasida sheriklik aloqalarini o‘rnatish va qo‘shma sayyohlik mahsulotlarini yaratish maqsadida turizm alyansini tashkil etishdan manfaatdorlik bildirildi. Italiya jamoatchiligi Rim va Florensiyada o‘tkazilgan ko‘rgazma va madaniy tadbirlarga katta qiziqish bildirgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Shu munosabat bilan kelgusi yili Xiva shahrida mintaqa mamlakatlari va Italiya yoshlarining kreativ iqtisodiyot va madaniy almashinuv forumini o‘tkazish taklif qilindi.

Sammitda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari va Italiya bosh vaziri ham nutq so‘zladi. Tadbir yakunida qo‘shma bayonot qabul qilindi.

Avvalroq Samarqandda Rim paydo bo‘lishi haqida xabar berilgandi. Prezident shahar ko‘chalaridan biriga yangi nom berilishi O‘zbekiston va Italiya xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik ramzi bo‘lishini aytdi.

Izohlar

Mavzuga oid