Farg‘onada fermer milliard so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalandi
Ish bo‘yicha barcha materiallar huquqni muhofaza qilish organlariga topshirildi.

Farg‘ona viloyatida fermer 1,8 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlandi, deb xabar bermoqda Energetika vazirligi axborot xizmati.
Yozyovon tumanida fermer xo‘jaligi egasi 1 mlrd 845 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan. Fermer xo‘jaligi mas’ullari elektr hisoblagichdan uzilgan holda elektr tarmog‘iga ikkilamchi ulash ishlarini amalga oshirgan.
Energetiklar muntazam tekshiruvlar davomida jinoyatni fosh qilishga muvaffaq bo‘lishdi. Ushbu ish bo‘yicha to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda yuzlab million so‘mlik elektr energiyasini talon-toroj qilgan kompaniyalar aniqlangandi. Ayblanuvchilarga besh yilgacha qamoq jazosi tahdid solmoqda.
Izohlar