Hodisa

Samarqandda organ xodimlari bir yarim mlrd so‘mlik kontrabanda spirtli ichimliklar topdi

Huquqbuzarlar mahsulotlarni do‘kon omborida saqlagan.

Samarqandda organ xodimlari bir yarim mlrd so‘mlik kontrabanda spirtli ichimliklar topdi

Samarqand viloyatida huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan 1,5 mlrd so‘mlik qalbaki alkogol mahsulotlari aylanmasining oldi olindi, deb xabar bermoqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tartib posbonlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilib, korxona rahbari va boshqa xodimlar Kattaqo‘rg‘on shahrida joylashgan do‘konning omborxonasida 27 339 dona qalbaki spirtli ichimliklar saqlanayotgani aniqlangan. Mutaxassislar topilgan mahsulotlarni o‘rganib chiqib, umumiy qiymati 1,5 mlrd so‘m bo‘lgan 122 nomdagi mahsulotlarni aniqladi.

Huquqbuzarlar tovarning kelib chiqishi va sifatini tasdiqlovchi hech qanday hujjatga ega bo‘lmagan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (Qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) va 186-1-moddasi (Etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarining qonunga xilof muomalasi yoki ularni ishlab chiqarish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov olib borilmoqda.

Avvalroq Toshkent viloyatida milliardlab so‘mlik dori-darmon kontrabandasiga chek qo‘yilgani haqida xabar berilgandi. Haydovchilar sifatsiz preparatlarni yuk mashinalarida olib kirishga harakat qilishgan, ularni kitoblar, kiyimlar va aksessuarlarga yashirishgan.

Izohlar

Mavzuga oid