Surxondaryoda mast erkak qo‘shnilarini haqorat qilgani uchun qamaldi
Fuqaro to‘ydan uyiga qaytayotib, tanishlari bilan janjallashib qolgan.

Surxondaryoda qo‘shnilarini haqorat qilib, baqirgan mast erkak besh sutkaga qamaldi, deb xabar bermoqda Millar.
Voqea 18-may kuni soat 19:00 da Qumqo‘rg‘on tumani “Joziba” mahallasida sodir bo‘lgan. Mast erkak to‘ydan uyiga qaytayotganda qo‘shnilarini uchratib, ularni sababsiz haqorat qila boshlaydi. Shuningdek, u ko‘chada behayo so‘zlar aytib, jamoat tartibini buzgan.
“Men unday odam emasman. O‘sha kuni qattiq mast edim va nimadandir jahlim chiqib, baqirib haqorat qila boshladim. Qilgan ishimdan afsusdaman”, — dedi sudlanuvchi.
Sud ayblanuvchini 183-modda (Mayda bezorilik) bo‘yicha aybdor deb topdi. Erkakka 5 sutka qamoq jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda mast yo‘lovchi styuardessaga tegajog‘lik qilib, uch sutkaga qamalgandi. Erkak samolyot salonida chekishga qaror qilgan, bort kuzatuvchisi qoidabuzarga buni tushuntirganida, u ayolning ko‘kragidan ushlagan.
Izohlar