O‘zbekiston

“Biz hatto Afrika davlatlaridan ham orqadamiz”: senator O‘zbekistondagi odil sudlov muammolarini ko‘tardi

Abdurahim Erkayevning aytishicha, fuqarolarda adolat tuyg‘usi yo‘qolgan.

“Biz hatto Afrika davlatlaridan ham orqadamiz”: senator O‘zbekistondagi odil sudlov muammolarini ko‘tardi

Senat yalpi majlisida senator Abdurahim Erkayev O‘zbekistonda huquqiy tizim yomonlashganini aytdi.

Senatorning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda sud-huquq tizimida amalga oshirilgan islohotlarga qaramay, mamlakat Jahon odil sudlov loyihasining Huquq ustuvorligi indeksidagi o‘rnini yomonlashtirgan. O‘zbekiston umumiy reytingda 5 pog‘ona pastlab, 83-o‘rinni egalladi.

Bundan tashqari, fuqarolik odil sudlovi subindeksida mamlakat 96-o‘rindan 106-o‘ringa tushib ketdi. Senator xalqaro reytinglardagi o‘rnining pasayishiga “telefon huquqi” ta’siri, korrupsiya, shuningdek, ayrim sudyalarning kasbiy tayyorgarlik darajasi pastligi sabab bo‘lganini aytdi.

“Biz 2023-yilda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni qabul qilib, barcha sohalarda, jumladan, odil sudlov tizimida ham huquqiy asoslarni kuchaytirdik. Hatto advokatura to‘g‘risidagi ikkita moddadan iborat alohida bob ham Konstitutsiyaga kiritilgan, bu ko‘plab mamlakatlar qonunchiligi asoslarida mavjud emas. Maqsad – adolatni ta’minlash. Advokatsiz odil sudlovni amalga oshirish mumkin emas. Amalga oshirilgan ishlarni hisobga olgan holda, ko‘rsatkichlar yaxshilanishi kerak edi. Afsuski, ayrim sohalarda buning aksini ko‘ryapmiz”, — dedi u.

Erkayevning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Afrikaning ba’zi davlatlaridan ham ortda qolmoqda. Bu esa odil sudlovga erishish qiyinligini, sud tizimiga ishonch yo‘qolganini, aholida adolat tuyg‘usi yo‘qligini ko‘rsatadi. Ko‘pincha sud qarorlarining ijrosi cho‘zilib ketadi yoki umuman ijro etilmaydi.

Shuningdek, senator qayd etganidek, mazkur indikatorlarni shakllantirishda aholi o‘rtasida so‘rovnomalar o‘tkazilib, fuqarolarning sud-huquq tizimining ayrim sohalariga bo‘lgan ishonchi pasayib borayotgani ushbu ma’lumotlar bilan tasdiqlanmoqda.

“So‘nggi yillardagi barcha islohotlarimiz natijasi qani? U yo‘q. Bu taraqqiyot emas, orqaga qaytishdir. Kimdir ishlayotgan joyda – ijobiy natijalar bor. Salbiy ko‘rsatkichlar qayd etilgan joyda esa ishlar o‘z holiga tashlab qo‘yilgan”, — dedi senator.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda mast holda avtomashinani olib qochishda gumonlanayotgan sudya sud etikasi talablarini buzgani uchun lavozimidan ozod etilgandi.

Avvalroq Namanganda sudya yordamchisini kaltaklab, jarimaga tortilgani haqida xabar berilgandi. Qarorni viloyat sudyalari malaka hay’ati qabul qilgan.

Izohlar

Mavzuga oid