O‘zbekiston

Ekologiya vaziriga elektromobillar batareyalarini utilizatsiya qilish bo‘yicha ishlar yuzasidan parlament so‘rovi yuborildi

Deputatlar ayrim eko-loyihalar ijrosi kechikayotganidan ham xavotirda.

Ekologiya vaziriga elektromobillar batareyalarini utilizatsiya qilish bo‘yicha ishlar yuzasidan parlament so‘rovi yuborildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida deputatlar Ekologiya vazirligi rahbari Aziz Abduhakimovga “Qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlashning samarali va zamonaviy tizimini yaratish hamda chiqindi poligonlarini yopish va rekultivatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi parlament so‘rovini yuborish haqidagi masalani ko‘rib chiqdi.

Deputatlarning ma’lum qilishicha, mamlakatda atrof-muhit muhofazasini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, biroq bu yo‘nalishda hali o‘z yechimini kutayotgan masalalar mavjud. Qattiq maishiy chiqindi poligonlarini yopish va rekultivatsiya qilish dasturlarida belgilangan ayrim loyihalarning kechikishi shular jumlasidandir.

Shuningdek, chiqindilarni qayta yuklash va qayta ishlash stansiyalarini tashkil etish, chiqindilarni toifalarga ajratgan holda yig‘ishni tashkil etish uchun sanitar tozalash korxonalarini maxsus chiqindi paketlari (QR-kodli) bilan bepul ta’minlash, qayta ishlashni yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlarga “yashil subsidiya” ajratish tizimini joriy etish bo‘yicha loyihalar kechikmoqda.

Bundan tashqari, elektromobillarning ommalashuvi tufayli ularning akkumulyator batareyalarini xizmat muddati tugagandan so‘ng saqlash va utilizatsiya qilish masalalari dolzarb bo‘lib qoldi.

“Majlisda yuqoridagilardan kelib chiqib, qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlashning samarali va zamonaviy tizimini yaratish hamda chiqindi poligonlarini yopish va rekultivatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirishlar berish haqida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziriga parlament so‘rovi yuborildi”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq Ekologiya vazirligi rahbaridan gibrid avtomobillar uchun ekologik sertifikat talablarini tushuntirish so‘ralgani xabar qilingandi. Aziz Abduhakimovga senatorlik so‘rovi yuborilgan.

Izohlar

Mavzuga oid