O‘zbekiston energetika islohotidan qanday natijalar olindi?
Hukumat energiya resurslari narxlarini har yili indeksatsiyalashni rejalashtirmoqda.

ITIM ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda yetti yil ichida iste’mol qilinadigan energiya miqdori 7,4 foizga kamaydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2017-yildan buyon mamlakatda energetika sohasida samaradorlikni oshirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va bozor mexanizmlariga o‘tishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ushbu davrda elektr energiyasi ishlab chiqarish 38 foizga, 2016-yildagi 59 milliard kVt/soatdan 2024-yilda 81,5 milliard kVt/soatgacha o‘sdi.
Shu bilan birga, aholi jon boshiga ishlab chiqarish darajasi 18 foizga ko‘tarilib, 2200 kVt/soatga yetdi. Yetti yil ichida 11 ming MVt yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi, bu oldingi 25 yildagi hajmdan uch baravar ko‘pdir. Iqtisodiyotning jadal o‘sishiga qaramay, O‘zbekistonda har bir ishlab chiqarilgan mahsulot yoki xizmat uchun sarflanadigan elektr energiyasi miqdori pasayib bordi.
2017-yildan 2024-yilgacha mamlakat yalpi ichki mahsuloti 55 foizga o‘sdi, ishlab chiqarish birligiga energiya sarfi esa 7,4 foizga kamaydi. Iqtisodiyot kamroq energiya xarajatlari bilan ishlashni boshladi. Shuningdek, sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida resurslardan yanada oqilona foydalanishga o‘tildi. Bunday o‘zgarish iqtisodiyotning yanada samarali ishlay boshlaganini, kamroq energiya sarflab, ko‘proq mahsulot ishlab chiqarayotganini ko‘rsatishi mumkin. Hozirgi kunda har million so‘mlik mahsulot uchun 56,8 kVt/soat energiya sarflanmoqda.
Bundan tashqari, ushbu davrda 54,8 ming kilometrdan ortiq taqsimlash tarmoqlari va 17,2 mingta transformator punktlari modernizatsiya qilindi. Natijada mamlakatning 8 mingdan ortiq aholi punktlarida elektr ta’minoti yaxshilandi. Qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. 2024-yil oxiriga kelib O‘zbekistonning 10 ta hududida umumiy o‘rnatilgan quvvati 4,1 ming MVt bo‘lgan 14 ta quyosh va 3 ta shamol elektr stansiyalari ishga tushirildi. 2024-yilda ishlab chiqarilgan “yashil” elektr energiyasi hajmi 4,9 milliard kVt/soatni tashkil etdi.
Avval xabar berilganidek, O‘zbekistonda elektr energiyasi tariflari o‘zgartiriladi va energiya resurslari narxlarining yillik indeksatsiyasi joriy etiladi. Indeksatsiya har yili inflyatsiya darajasidan kelib chiqib, ammo belgilangan chegaradan oshmaydigan darajada amalga oshiriladi.
Izohlar