O‘zbekistonliklar endi soliq hujjatlarini Face-ID orqali tasdiqlay oladi
Fuqarolarning soliqlarni qayta hisoblash bo‘yicha arizalarini ko‘rib chiqish muddati ham uch baravarga qisqardi.

28-may kuni Senatning yalpi majlisida senatorlar “Soliq kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ma’qullashdi.
Kiritilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, bundan buyon soliq to‘lovchilar ortiqcha to‘langan summalarni nafaqat tegishli soliq bo‘yicha, balki boshqa soliq majburiyatlari bo‘yicha ham ishlatishlari mumkin bo‘ladi. Agar fuqaroning qarzi bo‘lmasa, u 15 ish kuni o‘rniga uch ish kunida ko‘rib chiqiladigan ariza topshirishi mumkin.
Shuningdek, elektron soliq hujjatlarini Face-ID yoki barmoq izi bilan tasdiqlash imkoniyati yaratiladi. Hozirda aholi foydalanayotgan elektron imzo kaliti sertifikatini olish uchun tadbirkorlik subyektlaridan BHMning 10 foizi, jismoniy shaxslardan esa 7 foizi miqdorida to‘lov undirilayotgani fuqarolarning xarajatlarini ko‘paytirmoqda.
“Avval Chernobil AESdagi falokat oqibatlarini bartaraf etishda qatnashgan fuqarolar yer solig‘ini to‘lashdan ozod etilgan edi. Endi ularni jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lashdan ham ozod qilish rejalashtirilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, tadbirkorlar ayrim soliqlarni yil davomida ikki bosqichda to‘lashi mumkin bo‘ladi. Soliq va bojxona siyosatini takomillashtirish uchun olimlar va tadbirkorlar jalb etiladi.
Izohlar