Ukrainadan bolalar dam olish va reabilitatsiya uchun O‘zbekistonga keldi
Reabilitatsiya dasturi doirasida har kuni tematik mashg‘ulotlar, ijodiy tanlovlar, sport tadbirlari va sayohatlar rejalashtirilgan.

Qurbon hayitini nishonlash munosabati bilan bir guruh ukrainalik bolalar dam olish va reabilitatsiya uchun Toshkentga keldi, deb xabar bermoqda Ukraina elchixonasi axborot xizmati.
Bolalar uchun maxsus 12 kunlik dastur ishlab chiqilgan bo‘lib, u bolalarning ruhiy holatini tiklash, ularni jangovar harakatlardan chalg‘itish va tinch muhitda dam olishga qaratilgan. Tashrif ishtirokchilari Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.
Ular Tyan-Shan etagidagi sanatoriyga yo‘l olishdi, u yerda birinchi kechki ziyofat bo‘lib o‘tdi. Bolalar orasida Xarkov, Xerson, Nikolayev, Zaporojye, Sumi, Xmelnitskiy, Lvov va Kiyev kabi jangovar harakatlardan zarar ko‘rgan hududlardan kelganlar bor. Ushbu tashrifni tashkil etishda O‘zbekistonning tegishli davlat organlari faol ishtirok etmoqda.
“Reabilitatsiya dasturi doirasida har kuni tematik mashg‘ulotlar, ijodiy tanlovlar, sport tadbirlari va sayohatlar rejalashtirilgan. “Milliy qadriyatlar kuni”, “Sport va salomatlik kuni” kabi kunlarda bolalarning jismoniy va ruhiy salomatligiga e’tibor qaratilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda ham Ukrainadan bolalar dam olish va reabilitatsiya uchun O‘zbekistonga uchib kelgandi. O‘shanda elchi Mikola Doroshenko O‘zbekiston biznesi va notijorat tashkilotlari vakillariga ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorchilik bildirgan edi.
Izohlar