O‘zbekiston

Yangi Toshkentga yana uchta vazirlik ko‘chib o‘tadi

Bo‘shatilgan binolar sotuvga qo‘yiladi.

Yangi Toshkentga yana uchta vazirlik ko‘chib o‘tadi

“Gazeta.uz”ning Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatovga tayanib xabar berishicha, yaqin orada Yangi Toshkentga yana uchta vazirlik ko‘chib o‘tadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Yangi Toshkentda turli vazirlik va idoralar uchun vaqtinchalik binolar qurilmoqda. Yangi binolarga Energetika vazirligi ko‘chib o‘tdi. Shuningdek, “yaqin kunlarda” Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Transport vazirligi va Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ham u yerga ko‘chib o‘tishni rejalashtirmoqda.

Sherzod Hidoyatov barcha vazirliklar yaxlit kompleks sifatida bir-biriga yonma-yon bo‘lishini ta’kidladi. Toshkentda ular egallab turgan binolar sotuvga qo‘yiladi, tushgan mablag‘ga Yangi Toshkentda yangi binolar quriladi.

Shuningdek, vazirning ta’kidlashicha, boshqa idoralar ham bosqichma-bosqich yangi binolarga ko‘chiriladi. Bundan tashqari, xodimlarning harakatlanishiga qulaylik yaratish maqsadida alohida transport yo‘nalishlari tashkil etilmoqda, hozirda bu borada Transport vazirligi tomonidan ishlar olib borilmoqda.

Avvalroq Yangi Toshkentning uchdan bir qismi bog‘ va xiyobonlarga berilishi haqida xabar berilgandi. Binolar uchun “yashil tom” texnologiyasi qo‘llaniladi.

Izohlar

Mavzuga oid