O‘zbekiston terma jamoasi futbolchilariga Jahon chempionati yo‘llanmasi uchun BYD avtomobillari topshirildi — video
Terma jamoa himoyachisi Islom To‘xtaxo‘jayev o‘z sovg‘asini jamoadoshi Bobur Abduxoliqovga, sobiq bosh murabbiy Srechko Katanets esa terma jamoa tarjimoni Davron Ahmedovga topshirdi.

10-iyun kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolariga Jahon chempionatiga yo‘llanma olgani uchun BYD avtomobillari topshirildi, avtomobil kalitlarini futbolchilarga shaxsan Shavkat Mirziyoyev topshirdi, deya xabar bermoqda MOQ.
Xayrulla Hamidovning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Islom To‘xtaxo‘jayev jahon chempionati saralashining so‘nggi bosqichida to‘rtta o‘yinda maydonga tushgan jamoadoshi Bobur Abduxoliqovga mukofot sifatida taqdim etilgan BYD Song Plus Champion gibrid avtomobilini sovg‘a qilgan.
U Shimoliy Koreyaga qarshi o‘yinda golli uzatmani amalga oshirdi va BAA bilan o‘yinda penalti ishlab oldi. Shu bilan birga, Islom To‘xtaxo‘jayev faqat so‘nggi ikki o‘yinga chaqirilgan va davlat mukofotlari bilan taqdirlanganlar ro‘yxatiga Abduxoliqov emas, u kiritilgan.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston milliy jamoasining sobiq bosh murabbiyi Srechko Katanets BYD’dan olgan sovg‘asini terma jamoa tarjimoni Davron Ahmedovga topshirgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston JCH saralash bosqichi doirasida Qatarni mag‘lubiyatga uchratgandi. O‘yinni tomosha qilish uchun Shavkat Mirziyoyev Bolgariya prezidenti Rumen Radev va Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso bilan birgalikda maydonga tashrif buyurdi.
Izohlar