O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionatiga A guruhida ikkinchi o‘rin bilan yo‘l oldi
Birinchi o‘rinda atigi ikki ochkolik farq bilan Eron joylashgan.

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo futbol konfederatsiyasi saralash bosqichi natijalariga ko‘ra, “A” guruhida ikkinchi o‘rinni egallab, Jahon chempionatiga yo‘l oldi.
O‘zbekiston o‘z maydonida Qatar terma jamoasini mag‘lub etib, 21 ochkoni qo‘lga kiritdi. Shu kuni, 10-iyun kuni Eron KXDRni mag‘lub etib, 23 ochko bilan guruhda birinchi o‘rinni egalladi. Har ikkala jamoa ham JCH—2026 yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Ulardan keyingi o‘rinlarda BAA va Qatar 15 va 13 ochko bilan bormoqda. Ular saralashning to‘rtinchi bosqichida ishtirok etishadi. Guruhda 8 ochkoga ega Qirg‘iziston va 3 ochkoga ega Shimoliy Koreya 5-6-o‘rinlarni egallab turibdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi futbolchilariga JCH—2026 yo‘llanmasi uchun BYD avtomobillari topshirilgandi. Terma jamoa himoyachisi Islom To‘xtaxo‘jayev o‘z sovg‘asini jamoadoshi Bobur Abduxoliqovga, sobiq bosh murabbiy Srechko Katanets esa terma jamoa tarjimoni Davron Ahmedovga topshirdi.
Izohlar